MB: TBC, "Davr" va "Hamkorbank" jarimaga tortildi— mijozlarga 28 mlrd so‘m qaytarildi

Tekshiruvlar natijasida bu banklarda qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Banklarga jarimalar qo‘llanilib, mijozlarga 28 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ qaytarildi
Sputnik
TOShKENT, 3 okt — Sputnik. Markaziy bank joriy yilda o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida "TBC bank", "Davr bank" va "Hamkorbank"da qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Xususan:
veb-saytlarida iste’molchiga beriladigan axborotning minimal hajmi to‘liq ta’minlanmagan;
kredit shartnomalarida qonunchilikda belgilangan talablar aks ettirilmagan yoki iste’molchi huquqlarini cheklaydigan qoidalar kiritilgan;
kredit shartnomalari bo‘yicha garov mulki taqiqdan chiqarish kechiktirilgan;
banklarda murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonunchilik talablari buzilgan.
Banklar kesimida qolgan alohida holatlar:
"TBC bank":
onlayn mikroqarzlar qarzdorning moliyaviy ahvolini tahlil qilmasdan berilgan;
kreditni qoplash uchun tushgan mablag‘lar o‘z vaqtida qarzdorlikni so‘ndirishga yo‘naltirilmagan.
"Davr bank":
xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha kunlik foizlar noto‘g‘ri hisoblangan;
kreditning to‘liq qiymati shartnomada ko‘rsatilmagan;
bank xizmatlarini qo‘shimcha xizmatdan foydalanish sharti bilan taklif qilingan;
mobil ilovada onlayn kredit ajratishda xizmat xususiyatlari haqida to‘liq ma’lumot berilmagan.
"Hamkorbank":
kredit ajratish jarayonida qonunchilik talablari buzilgan holda hujjatlar ko‘rib chiqilgan;
bir martalik komissiyalar va garov mulkini taqiqqa qo‘yish/chiqarish uchun xizmat haqlari qonuniy asossiz undirilgan.
Aniqlangan kamchiliklar uchun "TBC bank"ka 615 million so‘m, "Davr bank"ka 931 million so‘m, "Hamkorbank"ka esa 955 million so‘m jarima sanksiyasi qo‘llanildi.
Shuningdek, banklarga mijozlarga yetkazilgan zararni qoplash vazifasi yuklatildi.

"TBC bank"dan qarzdorlarga asossiz hisoblangan 4,2 milliard so‘m, "Davr bank"dan 4 milliard so‘mga yaqin, "Hamkorbank"dan esa 20 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lar qaytarildi.

Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan joriy yilda bank tizimiga oid 121 ta shikoyat ko‘rib chiqildi, ularning 68 tasi bo‘yicha mijozlarga jami 2,4 milliard so‘m qaytarildi.
Ta’kidlanishicha, endilikda iste’molchi huquqlari buzilgan barcha holatlarda moliyaviy tashkilotlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi va bu haqda jamoatchilikka rasmiy ravishda axborot berib boriladi.
Kredit tashkilotlarining nafaqa pullarini yechib olish amaliyoti "insofsiz" deb baholandi