Readmissiya qilingan fuqarolarga xorijga chiqish pasporti beriladi – istisnolar belgilandi

Xorijiy davlatlar tomonidan noqonuniy muhojir sifatida aniqlangan va o‘z vataniga qaytarilayotgan shaxslar uchun qo‘shimcha sharoitlar taklif etildi.
Sputnik
TOShKENT, 2 okt – Sputnik. O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan readmissiya qilingan fuqarolarga xorijiy pasport berishning istisno holatlari bo‘yicha yo‘riqnoma qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, xorijdan readmissiya qilingan shaxslar haqida ma’lumotlar Migratsiya va personallashtirish departamenti (MvaPD) tomonidan “Pasport-viza” axborot tizimiga kiritiladi.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur yo‘riqnomada ayrim istisno holatlarda ushbu toifadagi fuqarolarga xorijga chiqish pasporti rasmiylashtirib berilishi ko‘zda tutilgan:
fuqaroning yaqin qarindoshi xorijda vafot etgan bo‘lsa;
fuqaro yoki uning yaqin qarindoshiga xorijiy davlatda shoshilinch ixtisoslashgan tibbiy yordam yoki operatsiya zarur bo‘lsa;
fan olimpiadasi, ta’lim dasturlari yoki xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etishi rejalashtirilgan bo‘lsa;
fuqaroning doimiy yashash manzili O‘zbekistonning chegara zonasi yoki eksklav hududlarida bo‘lsa;
Prezident yoki Vazirlar mahkamasining rasmiy hujjatlari, prezident administratsiyasi rahbarining topshiriqlarini bajarish zarurati mavjud bo‘lsa.
Fuqarolar ushbu istisnolar asosida xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun MvaPD yoki uning hududiy boshqarmalariga murojaat etishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, xalqaro shartnomalar asosida readmissiya qilingan O‘zbekiston fuqarolariga ikki yil davomida xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilmasligi nazarda tutilgan edi.
Readmissiya qilingan shaxslar

O‘zbekiston va boshqa davlatlar o‘rtasidagi xalqaro kelishuvlar asosida o‘z ixtiyori bilan yoki majburiy ravishda O‘zbekistonga qaytarilgan fuqarolar. Agar biror o‘zbekistonlik fuqaro chet elda noqonuniy qolgan, vizasi tugagan, deportatsiya qilingan bo‘lsa O‘zbekiston tomonidan qabul qilinadi — bu jarayon readmissiya deb ataladi.

O‘zbekiston fuqarolari Rossiyaga milliy pasport bilan kirishi mumkin bo‘lishi kutilyapti