TOShKENT, 1 okt — Sputnik. Pedagog- bu doim iste’dod. Bugungi qahramonimiz samoga va texnologiyalarga bo‘lgan muhabbatini pedagogika bilan uyg‘unlashtiradi va o‘quvchilarni g‘alabalarga “dasturlab” robototexnika bo‘yicha chempionlarni tarbiyalamoqda.
Toshkentdagi 233- sonli maktabning texnologiya fani o‘qituvchisi Anatoliy Dushakov butun umrini bolalarga bag‘ishladi. O‘quvchilar nafaqat uning jadvaldagi darsiga, balki qiziqarli, bilim beruvchi va juda zavqli bo‘lgan sevimli aviamodellashtirish va robototexnika to‘garaklariga ham shoshilishadi.
Toshkentdagi 233- sonli maktabning texnologiya fani o‘qituvchisi Anatoliy Dushakov butun umrini bolalarga bag‘ishladi. O‘quvchilar nafaqat uning jadvaldagi darsiga, balki qiziqarli, bilim beruvchi va juda zavqli bo‘lgan sevimli aviamodellashtirish va robototexnika to‘garaklariga ham shoshilishadi.
Anatoliy Vladimirovich yoshligida aviamodel sporti bo‘yicha respublika va xalqaro musobaqalar sovrindori bo‘lgan. Keyin esa pedagogikaga keldi. Chunki o‘zi bilgan va uddalagan mahoratlarni boshqalarga o‘rgatishni istardi.
“Aviamodellashtirish bilan shug‘ullanish uchun ko‘p qirrali inson bo‘lish, muhandislik va texnika sohalarini tushunish, texnik dizayndan xabardor bo‘lish, modellarni bo‘yash usullarini bilish zarur. Bundan tashqari, doimo trendda bo‘lish va ishga yangiliklar kiritishga intilish kerak", - deydi o‘qituvchi.
Shu bois, 2019-yilda "RobotrekUZ" konstruktori asosida ta’lim robototexnikasi bo‘yicha o‘quv seminarida sankt-peterburglik mutaxassislarning malakasini oshirish taklif etilganda, Anatoliy Dushakov darhol rozi bo‘ldi. O‘shandan beri uning faoliyati- robototexnika va ushbu yo‘nalishda bo‘lajak chempionlarni tayyorlash ham.
“Janubiy Koreyadagi musobaqada erishgan g‘alabamni eng yorqin dastlabki yutuqlarimdan biri deb hisoblayman. 2019-yilda bu yerga Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahridan bolalarni jamlagan O‘zbekiston terma jamoasini olib keldim. Biz munosib tarzda ishtirok etib, birinchi o‘rinni egalladik", – deydi Dushakov.
Shundan so‘ng u 233-maktabda "RobotrekUZ" robototexnika jamoasini tashkil etdi.
Bir kuni robototexnika to‘garagining mashg‘ulotiga Olmazor tumani hokimi Azizxon Umarxonov tashrif buyurdi. G‘oya unga ma’qul keldi, lekin u bolalarning oddiy, bu maqsadga kam jihozlanganxonada, qo‘l ostidagi vositalardan foydalanib shug‘ullanayotganini ko‘rdi va o‘quv maydonini tashkil etishda albatta yordam berishini va’da qildi.
Bugun Dushakovning mashg‘ulotlari kosmik stansiyasiga o‘xshaydigan, maxsus dasturiy ta’minotbilan kompyuterlardan tortib, konstruktorlar va eng mayda detallargacha jihozlangan xonada o‘tkazilmoqda.
Hozirgi kunda Anatoliy Vladimirovichning "RobotrekUZ" jamoasi nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa mamlakatlarda ham tanilgan.
Ular har yili Rossiyada ("DETalka" raqamli texnologiyalar, ta’lim robototexnikasi va neyrotexnologiyalar bo‘yicha xalqaro musobaqa, "TexnoStrelka" xalqaro festivali va boshqalar), Braziliya, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlarda o‘tkaziladigan onlayn va oflayn tanlovlarda g‘olib bo‘lishmoqda. Aytgancha, jamoada maktab o‘quvchilarining to‘rtinchi avlodi tarbiyalanmoqda.
“Jamoamiz Nijniy Novgorodda chiqish qilganda, o‘quvchilarimning ishlanmalari Moskva pedagogika institutini juda qiziqtirib qoldi. Ular meni ham ishga taklif qilishdi, lekin men rad etdim: axir o‘z bolalarimni tashlab qayerga ham borardim?!” - dedi o‘qituvchi.
Anatoliy Dushakovning robototexnika to‘garagiga alohida saralash tanlovi yo‘q: barcha istaganlar keladi, ammo ko‘pchiligi qolmaydi. Faqat eng tirishqoq va tashabbuskorlarigina davom etadi.
“Menda qizlar ham bor, ular ham qiziqadi, qat’iyatli xarakter namoyon qiladi, qiyin vaziyatlarda yonimda turadi," - deb jilmayadi o‘qituvchi.
Dushakov jamoasi bilan tayyorlayotgan deyarli barcha loyihalar ijtimoiy yo‘nalishdadir.
“Masalan, o‘tgan yili Sankt-Peterburgdagi tanlovda biz nogironlar va mehnatga layoqatsiz kishilarga yordam ko‘rsatishga qaratilgan loyihani taqdim etgan edik. Mikrokontrollerlar va ularga o‘rnatilgan sun’iy intellektga ega robot yaratdik. Bunday robot nogiron insonni kuzatishi, unga dori-darmon berishi, ahvoli yomonlashganda yaqinlariga va tez tibbiy yordamga xabar yuborishi mumkin. Bundan tashqari, inson orqasiga o‘rnatilgan mikroprotsessor yordamida boshqariladigan to‘rt qo‘lli ekzoskelet - kiber-qo‘l ham ishlab chiqilgan edi. Uning ikki qo‘li stakanni ushlashi, uchinchisi suv quyishi, to‘rtinchisi somonchani joylashtirishi va boshqa ko‘plab vazifalarni bajarishi mumkin", - dedi pedagog.
Dushakovning ko‘plab shogirdlari turli oliy o‘quv yurtlarining talabalari va bitiruvchilari bo‘lib, ular ustozini doimo iliqlik va mehr bilan eslaydi.
Maktabda Anatoliy Vladimirovichni hatto dars jadvali bo‘yicha darslari bo‘lmagan paytlarda ham uchratish mumkin. Uning oldiga borib, maslahat olish, qo‘shimcha shug‘ullanish mumkin. Bundan tashqari, u o‘quvchilar bilan foydali hordiq chiqarish va tog‘larga sayohatlar uyushtiradi.
“Bolalarni ko‘zlari yonib turganida, ular o‘ylaganlarini amalga oshira olsalar, men xursand bo‘laman. Umuman olganda, o‘qituvchining baxti o‘quvchilarining muvaffaqiyatlarida," - deydi u.
O‘qituvchi va uning tarbiyalanuvchilari haqida batafsil lavhani Sputnik videosida tomosha qiling.