TOShKENT, 30 sen – Sputnik. Toshkent shahrida “Toza havo” oyligining ikkinchi bosqichi doirasida 26 900 ta avtotransport vositasi tekshiruvdan o‘tkazildi.
Tadbir Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi va Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilmoqda.
Tekshiruv davomida Toshkent shahrida 367 ta transport vositasi atmosferaga meyordan ortiq zararli moddalar chiqarayotgani aniqlandi.
“Avtomobil gaz chiqindilaridagi iflos moddalar davlat standartlari meyorlarini qo‘pol buzgan haydovchilarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik kodeksiga muvofiq choralar ko‘rilmoqda”, — deyiladi ma’lumotda.
Poytaxtda “Toza havo” oyligining 2-bosqichi 10-oktabrgacha davom etadi.
Ma’lumot uchun, "Toza havo" oyligi O‘zbekistonning "Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi hamda “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi qonunlari ijrosini ta’minlash, foydalanishda bo‘lgan avtotransport vositalarining ekologik holati yuzasidan davlat ekologik nazorati olib borish maqsadida respublika miqyosida doimiy tarzda o‘tkazib kelinmoqda.