TOShKENT, 29 sen – Sputnik. O‘zbekistonlik dzudochilar Yevropa Ochiq Kubogini 4 ta medal bilan Top-5 da yakunlashdi. Bu haqda Sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ikki kun davom etgan nufuzli musobaqa yakunida O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta oltin, 3 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida 5-o‘rinni egalladi.
Jamoada yagona oltin medalni buxorolik 20 yoshli dzudochi Zamohshari Bekmurodov (-73 kg) qo‘lga kiritdi.
Shukurjon Aminova (-57 kg), Irisxon Qurbonboyeva (+78 kg) va Muzaffarbek To‘raboyev (+100 kg) turnirning bronza medallariga sazovor bo‘lishdi.
Turnir 26–28 sentabr kunlari Chexiya poytaxti Praga shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda 35 ta davlatdan 405 sportchi qatnashdi.
Umumjamoa hisobida Fransiya jamoasi (6 oltin, 6 kumush, 2 bronza) bilan birinchi o‘rinni egalladi. Ozarbayjon sportchilari (2 oltin, 1 kumush, 4 bronza) ikkinchi, Turkiya terma jamoasi (2 oltin, 1 kumush) uchinchi o‘rinni egalladi.