Mirziyoyev Ismoil Jo‘rabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

O‘zbekiston rahbariyati suv xo‘jaligi vaziri maslahatchisi, davlat va jamoat arbobi Ismoil Jo‘rabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
Sputnik
TOShKENT, 29 sen – Sputnik. 28-sentabr kuni atoqli davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi Ismoil Jo‘rabekov 94 yoshida vafot etdi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, bosh vazir Abdulla Aripov, Senat raisi Tanzila Narbayeva va Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov hamdardlik bildirdi.
Konchina gosudarstvennogo i obshestvennogo deyatelya Ismaila Xakimovicha Djurabekova
Jo‘rabekov 1931-yil 12-sentabrda Samarqand shahrida ishchi oilasida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida muhandis-gidrotexnik mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim olgan.
Mehnat faoliyatini 1955-yilda Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanidagi 8-jamoa xo‘jaligida muhandis-gidrotexnik sifatida boshlagan. U ushbu tumanda Sug‘orish markazi boshlig‘i, O‘zbekiston suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Samarqand viloyati qurilish-montaj boshqarmasi boshlig‘i, "Suvqurilish" tresti boshqaruvchisi, suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari, melioratsiya va suv xo‘jaligi vaziri kabi mas’ul lavozimlarda samarali mehnat qilib, respublikada irrigatsiya va melioratsiya sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan.
Tashkiliy-xo‘jalik ishlariga rahbarlik qilish borasida katta bilim va tajribaga ega bo‘lgan Jo‘rabekov 1985-yilda yanada mas’uliyatli vazifa — O‘zbekiston Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan.
"Vatanimiz istiqlolga erishganidan so‘ng O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida davlatimiz mustaqilligining ijtimoiy-iqtisodiy asoslarini mustahkamlash, mamlakatimiz oldida turgan g‘oyat serqirra va keng ko‘lamli vazifalarni bajarish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatdi. Xususan, ijro hokimiyati institutlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, mahalliy hokimliklar ishini muvofiqlashtirish, qishloq xo‘jaligida islohotlarni amalga oshirish, fermerlik harakatini rivojlantirish, sohaning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasida tashkilotchilik va tashabbuskorlik fazilatlarini namoyish etdi", — deyiladi hamdardlikda.
Ismoil Jo‘rabekov Davlat suv nazorati boshlig‘i, O‘zbekiston prezidentining Davlat maslahatchisi lavozimlarida ham samarali faoliyat olib borgan.
U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati”, “Do‘stlik”, “Fidokorona xizmatlari uchun”, “El-yurt hurmati”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan.