TOShKENT, 29 sen – Sputnik. Andijon viloyatida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasi doirasida yangi logistika markazi qurilishi bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Andijon viloyati xokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Xitoyning "China State Railway Group Co., Ltd" davlat kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Van Lisin boshchiligidagi delegatsiya qatnashdi. Mehmonlar Andijon temir yo‘l vokzalida tantanali ravishda kutib olindi. Keyin logistika markazi loyihasi taqdim etildi hamda markaz uchun ajratilgan hududda bajarilishi zarur ishlar muhokama qilindi.
Shuningdek, mehmonlar Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i hamda Bobur muzeyida bo‘lib, hududning tarixiy va madaniy merosi bilan tanishishdi.
Ushbu hamkorlikdagi yangi loyihalar mintaqalararo aloqalarni mustahkamlash, Markaziy Osiyo davlatlarining transport koridorlarini diversifikatsiya qilish hamda mintaqaning xalqaro transport-tranzit markazi sifatida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun: "China Railway Group Limited" - Xitoyning eng yirik qurilish kompaniyalaridan biri. Temir yo‘llar, metro liniyalari, avtomobil magistrallari, ko‘priklar, tunnellar, vokzallar, aeroportlar va boshqa obyektlarini loyihalashtirish va qurishga ixtisoslashgan. Xitoy hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan "Bir kamar va bir yo‘l" va "Yangi Ipak yo‘li" xalqaro loyihalarining faol ishtirokchisi.