TOShKENT, 29 sen – Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatidagi Bo‘zsuv kanaliga kanalizatsiya suvlari oqizilayotgani haqida xabarlar yuzasidan tekshiruv o‘tkazildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Oqova suvlarning chiqish joylaridan olingan laboratoriya tahlil natijalariga ko‘ra, “Bo‘zsuv aeratsiya inshooti”ning tashlamalarida muallaq moddalar cheklangan miqdordan ancha yuqori ekanligi aniqlangan.
Dastlabki tekshiruv davomida atrof-muhitni ifloslantirganlik hamda oqova oqizganlik oqibatida 1 mlrd 511 mln 966 ming 450 so‘m qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovi hisoblandi.
Holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan “Toshkent suv ta’minoti” AJga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shu bilan birga, “Toshkent suv ta’minoti” AJ 28-sentabrda e’lon qilgan rasmiy munosabatida, kanalizatsiya suvlarini tozalash uchun mavjud inshootlar maishiy chiqindilarni biologik usulda tozalayotgani, ammo ishlab chiqarish korxonalaridan kanalizatsiyaga tashlanayotgan turli kimoviy chiqindilar hamda tekstil korxonalardan chiqayotgan bo‘yoq qoldiqlari inshoot ishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ma’lum qilindi.
Belgilangan qoidaga ko‘ra, har bir ishlab chiqaruvchi o‘zining lokal tozalash inshootiga ega bo‘lishi kerakligi, ammo bu jarayon qimmatligi bois ayrim korxonalar chiqindilarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kanalizatsiyaga yo‘naltirilayotganligi qayd etilgan.
Kompaniyaning bugungi bayonotida esa mas’ul idoralar tomonidan o‘tkazilgan laboratoriya tekshiruv natijalariga ko‘ra, hozirda Bo‘zsuv kanaliga oqizilayotgan suv tarkibida rang qoldiqlari aniqlanmagani bildirildi.
Shu bilan birga, kelgusida korxonalardan tashlanayotgan oqovalarda ortiqcha kimoviy moddalar yoki bo‘yoqlar aniqlansa, keskin choralar ko‘rilishi to‘g‘risida mas’ullar ogohlantirilgani qayd etildi.