Yangiliklar Telegram-kanali qanday bo‘lishi kerak: SputnikPRO mahorat darsi
"Rossiya segodnya" mutaxassisi yangiliklar Telegram-kanallarining ishlashi haqida so‘zlab, postlarga qo‘yiladigan asosiy talablarni sanab o‘tdi.
SputnikToshkentdagi O‘zDJTU ning Xalqaro jurnalistika fakultetida "2025 yilda yangiliklar Telegram- kanali: mavzu tanlash, yuritish va yuzaga kelgan muammolarni hal qilish yo‘llari" mavzusida mahorat darsi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir SputnikPRO loyihasi doirasida o‘tkazildi. Unda 40 yfafhdan ortiq talaba ishtirok etdi.
Spiker sifatida "Rossiya segodnya" mediaguruhining yaqin xorij va Boltiqbo‘yi mamlakatlaridagi Sputnik multimedia markazlari direksiyasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Aleksandr Samoxvalov nutq so‘zladi. U Telegram-kanalini qanday yaratish va ommalashtirish, 2025-yilda Telegram ishining xususiyatlari, yaxshi va yomon postlarning qanday mezonlari borligi haqida so‘zlab berdi.
Samoxvalovning aytishicha, shaxsiy Telegram-kanali ochishdan avval eng muhimi - mavzuni aniqlab olish va qilayotgan ishingizni sevish. Mavzu qiziqarli, tanish va hech qachon zerikarli bo‘lmasligi kerak.
“Agar oldingizda qaysi mavzuni tanlash masalasi turgan bo‘lsa, demak, o‘z blogingizni yaratishga hali tayyor emassiz. Post joylash bu muztog‘ning uchi xolos, eng mushkuli - axborot monitoringi va qidiruvi, boshqa Telegram-kanallar bilan ishlash hamda boshqalarda yo‘q materiallarni tayyorlash. Bularning barchasi vaqtning 90% ni oladi”, – dedi spiker.
U yangiliklar Telegram-kanallarining ishlashi haqida so‘zlab, postlarga qo‘yiladigan asosiy talablarni sanab o‘tdi: qisqalik, tezkorlik, yozish soddaligi va o‘ziga xoslik.
“Faqat asosiy yangilik manbai bo‘lishga da’vogar kanal tez-tez post joylashtirishi mumkin”, - dedi Samoxvalov.
Mutaxassis maqsadli auditoriyaga e’tibor qaratish, ularni haddan tashqari tez spamlar bilan bezovta qilmaslik va faqat haqiqatdan ham qiziq yangiliklarni saralab olish muhimligini alohida ta’kidladi.
“Yozishga arziydigan narsa bo‘lmasa, hech narsa yozmagan ma’qul - bu muhim qoida. Yaxshisi odamlar qiziq bo‘lmagan yangiliklardan dam olsin. Zamonaviy dunyo shunday xabarlar bilan to‘lib-toshgan, shu bois ba’zida odamlar axborotlarning ulkan oqimidan qochadi. Shuning uchun biz qila oladigan eng yomon ish - odamlarni zerikarli va keraksiz ma’lumotlar bilan bezovta qilish. Bunday qilsak, ular bizni kechirmaydi, aksincha obunani bekor qilib, boshqa kanallarga o‘tib ketadi”, - dedi u.
Mahorat darsining amaliy qismida Aleksandr Samoxvalov yangiliklar Telegram-kanallaridagi postlarni tahlil qilib, ularning qaysilari muvaffaqiyatli, qaysi biri esa muvaffaqiyatsiz ekanligini tushuntirdi.
U e’tibor qaratish kerak bo‘lgan muhim jihatlar haqida so‘zladi. Masalan, postning ilk xatboshisidagi birinchi gapda eng qiziqarli ma’lumotni ko‘rsatish, uni “yashirmaslik”, rasmiy til iboralaridan foydalanmaslik va hokazo.
“Agar gapdan biror so‘zni olib tashlasangiz va gapning ma’nosi o‘zgarmasa, o‘sha so‘zni olib tashlang. Agar postdan biror gapni olib tashlab uning ma’nosi o‘zgarmasa, butun gapni olib tashlang. Agar butun postni olib tashlash mumkin bo‘lsa, bundan kanal zarar ko‘rmasa, uni umuman e’lon qilmang”, - dedi mutaxassis.
Samoxvalov materialdan qanday qilib noyob mahsulot yaratish haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
“Har bir postda tayanch nuqtasi bo‘lishi shart. Masalan, Rossiya Afrikaga 100 ming tonna bug‘doy topshirdi, deb yozamiz. Buni o‘qib o‘ylaymiz: “100 ming tonna bug‘doy... Bu ko‘p bo‘lsa kerak. Balki kamdir. Umuman olganda, bu qancha?” Bu yangilikni qiziqarli qilish uchun mavzuni chuqur o‘rganish, ma’lumotlarni tahlil qilish va Afrikadagi mamlakat uchun bu 100 ming tonna bir yillik ehtiyojni qoplay olishi haqidagi fakt bilan to‘ldirish kerak. Shunda bu yanada qimmatli axborotga aylanadi”, - deb tushuntirdi u.
Shuningdek, spiker agar yangilik boshqa OAV da allaqachon e’lon qilingan bo‘lsa, uni qanday "qutqarish" mumkinligi haqida so‘zladi.
“Bunday yangilikni, agar unga yangi, o‘zingizga xos ma’lumot qo‘shsangiz, berishingiz mumkin. Masalan, qayerdadir portlash yuz berdi. Hamma bu haqda yozib bo‘lgan, siz esa e’tiborsiz qoldirdingiz. Ammo sizda keyinroq shu portlashning videosi paydo bo‘ldi. Bunday postni bemalol joylashtirish mumkin, chunki video hali hech kimda bo‘lmagan edi. Yoki muayan mutaxassisga qo‘ng‘iroq qilib, bu portlash nimani anglatadi, nima sababdan bo‘ldi, nima uchun sodir bo‘lganini so‘rashingiz mumkin. Bu ham endi eksklyuziv, yangi xabar bo‘ladi”, - dedi u.
Mutaxassis Telegram da infografikadan foydalanish haqida ham so‘z yuritdi: uning xususiyatlari qanday va qaysi jihatlarga e’tibor berish kerak.
“Matnda rasmdan farqli yangi, qo‘shimcha ma’lumot berilishi kerak. Biz doimo mobil telefonlar ekranidan o‘qilayotganini hisobga olishimiz kerak. Nisbatan yirik raqamlar, yorqin tasvirlar bo‘lishi shart. Lekin infografikani haddan tashqari to‘ldirib yuborish ham noto‘g‘ri”, - dedi deya tushuntirdi Samoxvalov.
Mahorat darsidan so‘ng talabalar spikerga savollar berib, foydali javoblar va professional maslahatlar olishdi.
Batafsil -
Sputnik videosida
Ma’lumot uchun: SputnikPRO - Sputnik agentligi tomonidan tashkil etilgan media sohasidagi xalqaro ma’rifiy loyihadir. U jurnalistlar, matbuot kotiblari, blogerlar va oliy ta’lim muassasalarining tegishli yo‘nalishlarida tahsil olayotgan yuqori kurs talabalari uchun mo‘ljallangan, Rossiya va xorijlik eng yaxshi media-menejerlar, ekspertlar hamda agentlikning yetakchi mutaxassislari tomonidan o‘tkaziladigan noyob seminarlar, ma’ruzalar va mahorat darslari.