TOShKENT, 24 sen – Sputnik. BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSh prezidenti Donald Tramp o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisi matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, uchrashuv davomida ikki davlat o‘rtasidagi kengaytirilgan strategik sheriklikni mustahkamlash, shuningdek, mintaqaviy va global kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilingan.
Prezidentlar avvalroq bo‘lib o‘tgan telefon suhbati chog‘idagi o‘zaro kelishuvlarining amaliy natijadorligini ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratgan.
“AQShning Yangi O‘zbekistondagi modernizatsiya, farovonlik va xalqaro hamkorlikka qaratilgan ortga qaytmas islohotlarni qat’iy qo‘llab-quvvatlashini qadrlaymiz. So‘nggi tashabbuslar va qo‘shma loyihalar ikki mamlakatda o‘n minglab yangi ish o‘rinlarini yaratishi kutilmoqda”, – deya yozdi o‘z navbatida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov.
Shuningdek, Mirziyoyev AQSh prezidentini O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif etdi. Donald Tramp ushbu taklifni ijobiy qabul qilganini bildirar ekan, “bu borada o‘ylab ko‘rishini” jurnalistlarga ma’lum qilgan.