TOShKENT, 24 sen – Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Toshkent yo‘llaridagi tirbandliklar muammosini hal etish bo‘yicha Transport vazirligiga rasmiy so‘rov yubordi.
So‘rovda katta shaharlar va yo‘l kesishmalarida tirbandliklarni kamaytirish, jamoat transporti qatnovlarini optimallashtirish hamda transport infratuzilmasini takomillashtirish masalalari ko‘tarilgan.
Murojaatda o‘quv yili boshlanishi bilan poytaxtdagi tirbandliklar soni ancha ortgani va ularning darajasi eng yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgani (10 ball) alohida tilga olinadi.
“Ma’lumotlarga ko‘ra, har kuni 1 millionga yaqin kishi poytaxtga tashrif buyuradi, ularning 275 ming nafari Toshkent viloyatidan kelmoqda. Viloyatning tutash hududlaridan minglab avtomobillarning ertalab poytaxtga kirib, kechqurun ortga qaytishi esa tirbandliklarni yana-da kuchaytirmoqda”, – deyiladi so‘rovda.
Shuningdek, so‘rovga javoban vazirlikdan tengsizlik va noto‘g‘ri yo‘l tarmoqlari, signal tizimlari muammolari, transport vositalari soni va marshrutlar balansini qayta ko‘rib chiqish kabi muammolarga yechim taklif qilinishi talab etilgan.
Senat bu borada tez orada amaliy choralar va rejalashtirilgan ishlar bo‘yicha hisobot taqdim etilishini istamoqda.