Prezident BMT Bosh Assambleyasining sessiyasida nutq so‘zladi

Nyu-Yorkda Shavkat Mirziyoyev BMT minbaridan barqaror rivojlanish, mintaqaviy hamkorlik va global xavfsizlik masalalarida yangi tashabbuslar bilan chiqdi.
Sputnik
TOShKENT, 24 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-sentabr kuni Nyu-York shahridagi BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi umumsiyosiy munozaralarida nutq so‘zladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Sessiya raisi Annalena Berbok boshchiligida o‘tkazilayotgan munozaralarning birinchi kunida BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish va ko‘p a’zo davlatlar rahbarlari qatnashmoqda.
Prezident o‘z nutqida mazkur yig‘ilish shiddat bilan o‘zgarayotgan murakkab global vaziyatda o‘tayotgani, bu esa Tashkilot faoliyati va uning kelajagiga yangicha yondashuvlar bilan qarashga chorlayotganini qayd etdi.
Shavkat Mirziyoyev bosh kotib eng og‘ir va o‘tkir global masalalarni murosa bilan hal etish uchun BMTni asosiy platforma sifatida saqlab qolishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuksak baholadi. “BMT – 80” tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatladi, O‘zbekiston Kelajak uchun paktga qat’iy sodiqligini tasdiqladi.
O‘zbekiston yetakchisi BMT Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirishga chaqirdi.
Davlat rahbari O‘zbekistondagi islohotlar jarayoniga batafsil to‘xtaldi. Ta’kidlanganidek, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosati olib borilmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirishga erishilgani ta’kidlandi.
Mamlakatda maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 78 foizga oshdi, oliy ta’lim bilan qamrov esa 9 foizdan 42 foizga yetdi.
Pedagoglarning o‘zaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platformani yaratish maqsadida O‘zbekistonda Butunjahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish taklif etildi.
Mamlakat yetakchisi BMT bosh qarorgohida O‘zbekiston tashabbusi bilan bolalar saratoni va boshqa og‘ir kasalliklarga qarshi kurashga bag‘ishlangan yuqori darajadagi tadbir o‘tkazilishini aytdi.
Gender siyosatiga to‘xtalib, davlat rahbari mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayoti va tadbirkorlik sohasida xotin-qizlarning roli bundan buyon ham mustahkamlanishini ta’kidladi. Shu ma’noda, mintaqa miqyosida Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirib, muntazam o‘tkazib borish muhimligi qayd etildi.
Mamlakatni barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qat’iy intilishini tasdiqlab, prezident O‘zbekiston 2030-yilga borib “daromadi o‘rtadan yuqori” bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganini ta’kidladi.
O‘zbekistonning tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi. So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda o‘zaro savdo, investitsiyalar va transport tashuvlari hajmi besh barobargacha ko‘paygani ta’kidlandi.
MO davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish yo‘lida samarali mexanizmga aylandi.
Davlat rahbari BMT tuzilmalari bilan mintaqada qator yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirishni, jumladan, EKOSOS va YuNKTAD shafeligida MO davlatlarining iqtisodiy taraqqiyoti masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazish, YuNIDO bilan sanoatda “yashil” texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil etish, mintaqada suv resurslaridan oqilona foydalanish, “yashil” makon barpo etish hamda demografik barqarorlikka erishish bo‘yicha dasturlarni qabul qilishni taklif qildi.
Bundan tashqari, Bosh Assambleyaning MO mamlakatlarining mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusi ilgari surildi.
Prezident Afg‘onistondagi vaziyatga to‘xtaldi. Afg‘on xalqining tinch va osuda hayotga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirishga chaqirdi.
O‘zbekiston ushbu mamlakatda katta iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqchi ekani qayd etildi.
Prezident Afg‘oniston orqali xalqaro transport va energetika koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha BMTning alohida rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etdi.
G‘azo sektori haqida gapirar ekan, Mirziyoyev harbiy harakatlarni to‘xtatish va siyosiy muzokaralarni davom ettirishga chaqirdi.

"Biz BMT rezolyutsiyalariga muvofiq, “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini amalga oshirishning qat’iy tarafdorimiz", – dedi u yuksak minbardan turib.

Prezident Ukraina muammosini diplomatik yo‘llar bilan hal etish bo‘yicha yuqori darajadagi muloqotlar boshlanganini olqishladi.
Xavfsizlik mavzusi davomida davlat rahbari MO da Global aksilterror strategiyasini bajarish bo‘yicha samarali ishlarni qayd etdi. BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlikda tuzilgan Reabilitatsiya va qayta integratsiya masalalari bo‘yicha Mintaqaviy Kengashni Xalqaro kompetensiyalar markaziga aylantirish taklif etildi.
Prezident Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini O‘zbekistonda ochish uchun zarur sharoit yaratishga tayyorligini bildirdi.
Mamlakat yetakchisi xalqaro tranzit koridorlarining xavfsizligini ta’minlash va samarali logistika zanjirlarini yaratish maqsadida “Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun o‘zaro transport bog‘liqligini mustahkamlash” global mexanizmini joriy etishga chaqirdi.
Prezident qayd etganidek, Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlari jahon hamjamiyatining doimiy diqqat markazida bo‘lishi lozim.

"Biz Orolbo‘yi ekotizimini qayta tiklash bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirapmiz. So‘nggi yillarda dengizning qurigan tubida 2 million gektar maydonda sho‘rga chidamli cho‘l o‘simliklari ekildi. 2030-yilgacha ushbu hududning 80 foiz qismida yashil qoplamalar hosil qilinadi", – dedi davlat rahbari.

Suv resurslarining taqchilligi muammosiga to‘xtalar ekan, prezident O‘zbekistonda Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumini o‘tkazish rejalashtirilganini ta’kidladi. Mazkur anjuman yakunlari bo‘yicha Suv inqirozini barqaror taraqqiyot uchun jiddiy tahdid sifatida belgilash va bu borada global darajada innovatsiya texnologiyalarini joriy etish uchun alohida “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish mo‘ljallanmoqda.
Prezident iqlim migratsiyasi yo‘nalishida aniq xalqaro mexanizmlar va huquqiy baza hanuzgacha yaratilmaganini qayd etdi. Shu munosabat bilan bu jiddiy masalada keng xalqaro sheriklik va muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish bo‘yicha Global pakt qabul qilishga chaqirdi.
Prezident tomonidan sog‘liqni saqlash, ta’lim va madaniyat sohalarida sun’iy intellektning amaliy yechimlari va modellarini beg‘araz almashishga qaratilgan Xalqaro hamkorlik mexanizmini yaratish taklif etildi.
Davlat rahbari “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni ta’sis etish va uning qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirish taklifi ilgari surildi.
Prezident ta’kidlaganidek, yaqin oylarda mintaqa uchun noyob bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazi ochiladi. Mutafakkir allomalar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiyning boy ma’naviy va ilmiy merosining alohida taqdimoti BMT da o‘tkaziladi.
Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida Yangi O‘zbekiston barcha davlatlar bilan o‘zaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklik tarafdori ekani, xalqlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, umumbashariy maqsadlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida o‘z hissasini qo‘shishga doim tayyorligini ta’kidladi.
2026 yil yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili bo‘ladi - prezident