Bishkekda Markaziy Osiyo parlamentariylari forumi bo‘lib o‘tmoqda

Forumda barqaror o‘sish, investitsiyalar, migratsiya, raqamli rivojlanish, kiberxavfsizlik va boshqa masalalar muhokama qilinadi.
Sputnik
TOShKENT, 23 sen — Sputnik. Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi Markaziy Osiyo davlatlarining III parlamentlararo forumida ishtirok etish uchun Bishkek shahriga yetib keldi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Forum mavzusi: “Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari: mintaqani har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha samarali yechimlar”.

Forumning maqsadi Markaziy Osiyo mamlakatlarining barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, migratsiya jarayonlarini tartibga solish va raqamli muhitni rivojlantirish borasida parlamentlararo hamkorligini mustahkamlashdan iborat.

III parlamentlararo forum davomida:

“Migratsiya va mehnat oqimlari: fuqarolar huquqlarini qonuniy ta’minlash va iqtisodiyot barqarorligi”;
“Markaziy Osiyo mamlakatlarida investitsiya muhitini yaxshilash va iqtisodiyotning shaffofligini oshirish bo‘yicha qonunchilik choralari”;
“Parlamentlar va raqamli suverenitet: kiberxavfsizlik, raqamli muhitni huquqiy tartibga solish” kabi mavzular muhokama qilinishi nazarda tutilgan.
Forum doirasida Tanzila Narbayevaning parlamentlar vakillari bilan mintaqaviy hamkorlik, parlament diplomatiyasi va qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun qator ikki tomonlama uchrashuvlari o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.
Global tinchlik va hamkorlik: Tanzila Narbayeva Jenevada qator tashabbuslarni ilgari surdi