TOShKENT, 22 sen — Sputnik. O‘zbekistonda Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi. 19-sentabr kuni prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik to‘qimachilik, charm-poyabzal, ipakchilik va gilamchilik sanoati sohalarida ustuvor yo‘nalishlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Agentlik qoshida Yengil sanoatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.
Agentlik tomonidan yengil sanoat sohasidagi korxonalarga 2025-yil 1-oktabrdan quyidagi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari qo‘llaniladi:
xalqaro brendlarni jalb qilish, standartlashtirish va sertifikatlashning xalqaro tizimlarini, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarini joriy etish;
eksport shartnomalari bo‘yicha sug‘urtalashni moliyalashtirish xarajatlarini qoplash hamda mutaxassislarni o‘qitish uchun grantlar ajratish;
xorijiy davlatlarda savdo uylarini ochish va saqlash, ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish, reklama kampaniyalarini tashkil etish bilan bog‘liq chet eldagi xarajatlarining bir qismini qoplash.