O‘zbekiston va YeOII

MDH va YeOII bilan hamkorlikdan voz kechgan Moldova qancha yo‘qotdi

Sobiq prezident Igor Dodonning so‘zlariga ko‘ra, bu yo‘qotishlar oddiy fuqarolarga ham bevosita ta’sir ko‘rsatgan.
Sputnik
TOShKENT, 21 sen — Sputnik. Moldova MDH va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan aloqalarni e’tiborsiz qoldirgani natijasida 4 million dollarlik iqtisodiy zarar ko‘rdi. Bu haqda sobiq prezident Igor Dodon RIA Novosti nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Dodonning ta’kidlashicha, prezident Mayya Sandu boshchiligidagi hozirgi hukumat to‘rt yil davomida xalqaro iqtisodiy aloqalarda betaraflikni saqlash o‘rniga bir tomonlama siyosat yuritib, mamlakat eksport salohiyatini pasaytirgan va bu energiya resurslari uchun ortiqcha xarjlar qilishga sabab bo‘lgan.
“Mamlakatimiz iqtisodchilari so‘nggi to‘rt yildagi yo‘qotishlarni hisoblab chiqdi. Birgina eksport hajmini to‘liq bajarmaganimiz va energiya resurslari uchun ortiqcha to‘lovlar qilganimiz tufayli biz qariyb 4 million dollar yo‘qotdik. Bu bevosita Mayya Sanduning siyosati oqibatidir”, — dedi Dodon.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yo‘qotishlar oddiy fuqarolarga ham bevosita ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, eksportdagi cheklovlar, energiya tariflarining oshishi va iqtisodiy aloqalarning uzilishi aholining turmush darajasiga salbiy ta’sir qilgan.

“Boshqacha yo‘l tutilishi mumkin edi — neytrallik saqlab qolinib, nafaqat harbiy, balki iqtisodiy jihatdan ham muvozanat saqlanishi kerak edi. Gruziya bunga misol bo‘la oladi: u Rossiya bilan murakkab munosabatlariga qaramay, har ikki tomon uchun foydali iqtisodiy hamkorlikni saqlab qolgan. Moldova ham shunday yo‘l tutganida yutgan bo‘lardi”, — deya ta’kidladi siyosatchi.

Ma’lumot uchun, Moldova 2022-yildan buyon MDH va YeOII yig‘ilishlarida ishtirok etmayapti. Rasmiy Kishinyov eksport bozorini G‘arb davlatlariga yo‘naltirish siyosatini ochiq e’lon qilgan.
Mamlakat hukumati hozirgacha MDH doirasida tuzilgan 282 ta bitimdan 66 tasini denonsatsiya qilgan, yana 50 ta hujjatni bekor qilish jarayoni turli bosqichlarda davom etmoqda. Moldova rasmiylari ushbu bitimlarning o‘rnini ikki tomonlama shartnomalar bilan to‘ldirish niyatida.
O‘zbekiston va YeOII
YeOII mamlakatlari iqtisodiy o‘sishining muhim omili nimada