TOShKENT, 21 sen – Sputnik. Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida katta yong‘in yuz berdi.
Oqibatda Burchmulla o‘rmon xo‘jaligi hududidagi 1,5 gektar quruq o‘simlik qatlami yonib ketdi. Hodisa Yakkatut qishlog‘i yaqinida qayd etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inga 69 yoshli mahalliy fuqaroning texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilmagani sabab bo‘lgan. U ichimlik suvi quvurini ta’mirlash vaqtida payvandlash ishlarini bajarayotgan bo‘lgan.
Voqea joyiga o‘rmon xo‘jaligi xodimlari, 40 nafardan ortiq ishchi, yong‘in xavfsizligi bo‘yicha ko‘ngillilar guruhi va tuman IIB xodimlari yetib kelgan. Yong‘in bir yarim soat ichida to‘liq bartaraf etilgan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro nomiga ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 84-moddasi 3-qismi (O‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzish) asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.