TOShKENT, 21 sen – Sputnik. AQShning Afg‘onistondagi Bag‘ram aviabazasi ustidan nazoratni tiklash sa’y-harakatlari mintaqadagi keskinlikni kuchaytirishi mumkin. Bu haqda “South China Morning Post” ekspertlar so‘zlariga tayangan holda yozmoqda.
Sababi Sinszandagi Xitoy yadro obyektlari bazaga juda yaqin joylashgani va buni Pekin mintaqadagi o‘z ta’siriga putur yetkazib deb hisoblashi mumkin.
Shvetsiya Xavfsizlik siyosati va rivojlanishi instituti tahlilchisi Jagannat Pandaning ta’kidlashicha, amerikalik harbiylarning qaytishi yoki toliblar roziligi, yoki ularga bosim o‘tkazishni talab qiladi. Bu Xitoy hamda Rossiya va Eronning muqarrar javobiga sabab bo‘ladi.
Hindistonning Texnologiyalar va ilm-fan instituti dotsenti Birla Vina Ramachandranning qo‘shimcha qilishicha, AQShning bu tashabbusi Xitoyning Afg‘oniston va Markaziy Osiyodagi loyihalari, jumladan, “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusini amalga oshirilishini qiyinlashtirishi mumkin.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp, agar Afg‘oniston Amerikaga Bag‘ram aviabazasi ustidan nazoratni qaytarmasa, mamlakatni oqibatlar kutishini ma’lum qildi.
“Agar Afg‘oniston Bag‘ram aviabazasini uni qurganlarga – Amerika Qo‘shma Shtatlariga – qaytarmasa, qandaydir yomon narsa sodir bo‘ladi”, - deya yozdi Amerika yetakchisi “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Tramp 19-sentabr kuni Amerika hukumati Afg‘oniston vakillari bilan aviabazaga oid masalalarni muhokama qilayotganini ma’lum qilgandi. 18-sentabr kuni esa u Vashington bu obyekt ustidan nazoratni qaytarib olishga urinishini aytgandi. O‘shanda Tramp buning asosiy sabablaridan biri sifatida baza Xitoy o‘zining yadro qurolini ishlab chiqarayotgan joydan atigi bir soatlik parvoz masofasida joylaganini keltirgandi.
Bag‘ram aedromi 2001-2021 yillarda Afg‘onistondagi AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaning eng yirik bazasi sifatida xizmat qilgan. 2021-yil 1-iyul kuni amerikaliklar aviabazani tark etishdi, 15-avgust kuni esa u toliblar nazorati ostiga o‘tdi.
2021 yil 14-aprel kuni AQShning 46-prezidenti Jo Bayden Amerika tarixidagi eng uzoq davom etgan Afg‘onistondagi harbiy operatsiya yakunlanganini e’lon qildi. Bu urushni AQSh 2001-yil oktabrida boshlagan. 2010-2013 yillarda Afg‘onistondagi G‘arb harbiylari soni 150 ming kishidan ziyod edi.