TOShKENT, 19 sen — Sputnik. Toshkent shahridagi Moskva davlat xalqaro munosabatlar universiteti (MGIMO) filialida "Rossiya ta’limi. Toshkent – 2025" xalqaro ta’lim ko‘rgazma-yarmarkasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Tantanali ochilish marosimida Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Aleksey Yerxov, Rossotrudnichestvo agentligi rahbari o‘rinbosari Pavel Shevsov, Rossotrudnichestvoning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Irina Staroselskaya va boshqalar so‘zga chiqdi.
Ko‘rgazmada Rossiyaning 22 ta mintaqasidan 40 taga yaqin oliy o‘quv yurti, jumladan milliy tadqiqot va federal universitetlar ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazma 19–20 sentabr kunlari davom etadi, o‘zbekistonlik o‘quvchilar bu vaqt mobaynida Rossiya universitetlari haqida ma’lumot olishlari mumkin. Shuningdek, ertaga Ziyo Forum maydonchasida ko‘rgazma ishtirokchilari — Rossiya oliy ta’lim muassasalari vakillari ta’limiy mahorat darslari o‘tkazadi.