Rostovning “Bonum” kompaniyasi O‘zbekistonga yarim tirkamalar eksportini qayta yo‘lga qo‘ymoqda

Kompaniya o‘zbekistonlik hamkorlariga yarim tirkamalarning yangi modellarini jo‘natishni boshlaydi.
Sputnik
TOShKENT, 19 sen – Sputnik. Rossiyaning Rostov-Don shahrida joylashgan tentli yarim tirkamalar ishlab chiqaruvchi “Bonum” MChJ O‘zbekiston bozoriga mahsulot yetkazib berishni qayta boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Rostov viloyati hukumati matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat gubernatori o‘rinbosari Igor Sorokinning ma’lum qilishicha, korxona 2025-yil yanvaridan boshlab Qozog‘iston va Belarusga eksport hajmini sezilarli darajada oshirgan. “Bonum” shu paytga qadar 828 dona texnika jo‘natgan bo‘lib, shundan 71 tasi xorijiy sheriklarga yetkazilgan. Bu umumiy hajmning 8,5 foizini tashkil etgan. Bir yil oldingi ko‘rsatkich esa atigi 0,5 foizni tashkil qilgani aytilmoqda.
“Bundan tashqari, korxona O‘zbekiston bozorida faoliyatini qayta boshlashni rejalashtirmoqda. Zavod 2025-yilda yarim tirkamalarning yangi modellarini ishlab chiqdi hamda jarayonni avtomatlashtirish va mahsulot turlarini kengaytirishga sarmoya kiritishni davom ettirmoqda”, — dedi Sorokin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Bonum” MChJ 2014-yil 10-iyunda Rostov-Donda ro‘yxatdan o‘tgan. Asosiy faoliyati — avtotransport vositalari uchun kuzovlar, tirkama va yarim tirkamalar ishlab chiqarish. 2024-yilda kompaniya daromadi 14 milliard rubl, sof foydasi esa 2,5 milliard rublga teng bo‘lgan.
“Bonum” ilgari Rostov viloyatidagi “Rostovskaya” erkin iqtisodiy zonasining dastlabki rezidentlaridan biri bo‘lgan. Uning sho‘ba korxonalari ikki zavod qurishni boshlagan bo‘lib, ularda tirkama va yarim tirkama texnika ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda. Loyihalarga kiritilgan investitsiyalar umumiy hajmi 500 million rubldan ortiqni tashkil qiladi.
Rostov O‘zbekistonga atom energetikasi sohasida yordam berishga tayyor