TOShKENT, 19 sen – Sputnik. Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida III Xalqaro hunarmandchilik festivali bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Festivalda Farg‘ona hunarmandlari bilan bir qatorda Rossiya, Belarus, MDH va boshqa davlatlardan ham hunarmandlar o‘z kolleksiyalari bilan qatnashmoqda.
"Biz Rossiyaning Samara shahridan keldik. Sizlarga qo‘lda tayyorlangan o‘z ishlarimizni olib keldik. Qo‘qonga ikkinchi marta kelishimiz, O‘zbekistonni juda yaxshi ko‘ramiz. Muhabbat bilan Rossiyadan", — deydi rossiyalik Bortnikova Margarita.
Festival O‘zbekiston prezidentining "Xalqaro hunarmandchilik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida"gi hamda "Xalqaro kulolchilik forumi va kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazma-savdosini o‘tkazish to‘g‘risida" qarorlari asosida tashkil etilyapti.
Unda dunyoning 70 davlatidan 278 nafar xorijiy mehmon qatnashishi rejalashtirilgan.
Festival doirasida bir qator tadbirlar, festival ishtirokchilarining tantanali yurishlari, mahalliy va xorijiy hunarmandlarning mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi, ilmiy konferensiya, xalqaro va o‘zbekistonlik hunarmand-dizaynerlar ishtirokidagi modalar namoyishi, xalq sayllari, konsert dasturlari, osh tanlovlari, mahalliy va xorijiy hunarmandlarning mahorat darslari va Qo‘qon shahrining madaniy-ko‘ngilochar joylari va turistik marshrutlari bo‘ylab sayohat o‘tkaziladi.
Festival 21-sentabrgacha davom etadi.