TOShKENT, 18 sen — Sputnik. Hududlarning investitsiyaviy jozibadorligi reytingini baholash reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda Hukumatning tegishli qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, reglament hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini reyting asosida baholash tartibini belgilaydi. Reyting ikki yo‘nalishda amalga oshirilishi belgilangan:
Investitsiya salohiyati — statistik ko‘rsatkichlar va subko‘rsatkichlardan iborat ustuvor omillar hamda ularning vaznlari asosida hududlarning imkoniyatlari baholanadi.
Boshqaruv samaradorligi — hududlarda tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga tayangan holda ko‘rsatkich va subko‘rsatkichlar orqali aniqlanadi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi reytingni baholash operatori etib belgilangan. Vazirlik baholash jarayonini umumiy muvofiqlashtirish, elektron platformani boshqarish va natijalarni taqdim etish vazifalarini bajaradi.
Ta’kidlanishicha, reyting ballari to‘rt bosqichda elektron platforma orqali hisoblanadi. Baholash yakunlari bo‘yicha operator tahliliy ma’lumotnoma tayyorlaydi.