TOShKENT, 18 sen – Sputnik. Toshkent shahrida N.E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filialini tashkil etiladi. Bu to‘g‘risida prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.
Qayd etilishicha, filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilangan:
muhandislik sohasida innovatsion yondashuvlarni qo‘llay oladigan, chuqur ilmiy-texnik bilimlarga ega bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash;
muhandislik sohasida fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazish;
filialda ta’lim faoliyati 2026/2027 o‘quv yilidan boshlash.
Filialga talabalarni o‘qishga qabul qilish davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
2025/2026 o‘quv yilidan boshlab esa Moskva davlat texnika universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti hamkorligida magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi ham ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, filial bitiruvchilariga O‘zbekistonda oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda prezident Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim sohasidagi istiqbollar haqidagi taqdimot bilan tanishgan edi. Moskva davlat texnika universiteti filialining Toshkentda ish boshlashi ayni yig‘ilishda qayd etilgan tashabbuslardan biridir.
Bugungi kunga kelib esa O‘zbekistonda Rossiyaning 14 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ular umumiy hisobda 50 mingdan ortiq talabani qamrab olishgan.