Olmaliq davlat texnika instituti tashkil etildi

Institut tarkibida Rossiya tajribasiga tayanilgan “GeoMetTex” muhandislik maktabi faoliyat yuritadi.
Sputnik
TOShKENT, 18 sen – Sputnik. “Olmaliq davlat texnika institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–279-son, 08.09.2025 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali negizida Olmaliq davlat texnika instituti tashkil etiladi. Olmaliq filialida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini Institutda davom ettiradi hamda 2025/2026 o‘quv yilidan bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda Institut diplomi beriladi.
Institutning yuqori kurs talabalari haq to‘lanadigan amaliyotga jalb etiladi.
Institutda geologiya, metallurgiya va texnikaga ixtisoslashgan “GeoMetTex” - ilg‘or muhandislik maktabi tashkil etiladi.
Ushbu maktabda ta’lim olish uchun akademik ko‘rsatkichlari yuqori talabalar tanlov asosida saralab olinadi va amaliyotga yo‘naltirilgan maxsus ta’lim dasturlari asosida o‘qitiladi.
“GeoMetTex” ilg‘or muhandislik maktabi yo‘nalishiga mos sanoat hamkorlari belgilanib, ularni texnik va texnologik jihatdan ta’minlash uchun zamonaviy laboratoriyalar tashkil etiladi.
Ma’lumot uchun: “GeoMetTex” muhandislik maktabi — geologiya, metallurgiya va texnika yo‘nalishlariga ixtisoslashgan. U Rossiya universitetlari tajribasi asosida tashkil etilgan va o‘quv dasturlariga amaliyotchi mutaxassislarni tayyorlashga yo‘naltirilgan zamonaviy model joriy etilgan.
Olmaliqdagi “GeoMetTex” ilg‘or muhandislik maktabi: o‘qishdan so‘ng qayerda ishlash mumkin