TOShKENT, 17 sen — Sputnik. Namangan shahrida o‘tayotgan "Kambag‘allikdan farovonlik sari" xalqaro forumi doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Islom taraqqiyot banki (ITB) prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassir bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda ITB rahbari bank O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish borasidagi vazifalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, bank guruhi bilan keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston va ITB o‘rtasidagi sheriklik jadal rivojlanayotgani qayd etildi. Qo‘shma loyihalar portfeli 5 milliard dollardan oshib, hozirgi kunda transport, infratuzilma, uy-joy qurilishi, energetika, sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi ustuvor sohalarni qamrab olmoqda.
Davlat rahbari ITB bilan loyihalar portfelini ikki barobar ko‘paytirish, infratuzilma, ijtimoiy soha va xususiy sektor loyihalarini moliyalashtirish hajmini oshirishni nazarda tutadigan uzoq muddatli Strategik sheriklik dasturini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.
Xususiy biznes salohiyatini ro‘yobga chiqarish, hududlarda zamonaviy tibbiyot markazlarini barpo etish, avtomobil yo‘llarini modernizatsiya qilish, irrigatsiya kanallarini tiklash va betonlash hamda boshqa yo‘nalishlarda aniq loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.