Namangan viloyatiga 4,2 mlrd dollarlik investitsiya jalb etiladi

Viloyatda kambag‘allik 2,5 barobar kamayib, ikki yilda 62 ming kishi migratsiyadan qaytgan.
Sputnik
TOShKENT, 17 sen – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatining Uychi tumanida hududni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Unda so‘nggi yillarda erishilgan natijalar va kelgusi rejalar muhokama qilindi.

Ma’lum bo‘lishicha, yil yakunigacha 4,2 mlrd dollar investitsiya jalb qilish, eksport hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish, 323 ming odamni ishli qilish va 26 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish rejalashtirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 8-yilda viloyatga 7 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, 8 mingga yaqin yangi korxona ish boshlagan. Eksport qilinadigan mahsulotlar turi 2 barobarga ko‘payib, 1 mingdan oshgan. Aholining real o‘rtacha daromadi 3 barobarga oshgan.
“Hududda “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturi amalga oshiriladi. Unga respublika bo‘yicha eng og‘ir hisoblangan 328 ta mahalla ham kiritiladi. Oxirgi ikki yilda kambag‘allik 2,5 barobarga kamaygan, migratsiyadagi 62 ming kishi viloyatga qaytgan”, – deyiladi xabarda.
Shuningdek, viloyatda turizm salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha ham yangi vazifalar belgilangan:
Pop, To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Uchqo‘rg‘on va Chustdan o‘tgan daryo va soy o‘zanlarining 40 km qismida 650 ta servis obyektini qurib, 10 ming odamni ish bilan ta’minlash;
Chortoq tumanini vodiyning turizm markaziga aylantirish uchun 50 mln dollar ajratish;
“Chortoq” suv ombori atrofida yirik turizm kompleksi, Popdagi Arashan ko‘li bo‘yida yiliga 1 mln sayyoh qabul qiladigan majmua barpo etish.
Transport va infratuzilma bo‘yicha:
Norin darosi ustida 480 metrli yangi ko‘prik qurilishi, Namangan–Andijonni bog‘lovchi 63-yillik eski ko‘prik rekonstruksiya qilinishi;
“Pungon–Namangan” yo‘lining 75 km qismi 246 mln dollar hisobiga to‘liq yangilanishi;
ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimini yaxshilash uchun 800 mlrd so‘m ajratilib, 130 km yangi tarmoq barpo etilishi belgilandi.
Shavkat Mirziyoyev Norin darosidagi “birinchi milliy GES”ni borib ko‘rdi