Temir yo‘l orqali eksport "uch qadamda" amalga oshiriladi

Yangi tizim eksport jarayonidagi hujjat rasmiylashtirish bosqichlarini 9tadan 3tagacha qisqartirish imkonini beradi.
Sputnik
TOShKENT, 16 sen — Sputnik. Hozirga qadar sinov tarzida qo‘llanib, o‘z samarasini amalda isbotlagan “Eksport uch qadamda” tizimi temir yo‘lda ham to‘liq joriy etildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar beridi.
Joriy yilning 8 oyi davomida temir yo‘l orqali chiqarilgan eksport deklaratsiyalarining 5 foizi aynan shu tizim orqali rasmiylashtirildi.
Avval 9 bosqichdan iborat bo‘lgan eksport jarayonlari endi 3 bosqichgacha qisqaradi. Bu tadbirkorlarga bojxona brokerlik xizmatlari uchun har yili sarflanadigan 15–20 mlrd so‘mgacha xarajatni tejash imkonini beradi.
Tizim eksport shartnomasi asosida bojxona yuk deklaratsiyasi va invoys hujjatlarini avtomatik shakllantiradi, axborotlarning to‘g‘ri va bir xil bo‘lishini ta’minlaydi.
Tovarlar bojxona chegarasini kesib o‘tganida tegishli ma’lumotlar soliq va boshqa idoralarga onlayn uzatiladi.
2025 yilning 8 oyida temir yo‘l orqali harakatlangan yukli vagonlar soni 516,4 mingdan oshdi — bu o‘tgan yilga nisbatan 12% ko‘p.

Ta’kidlanishicha, mamlakatda tashqi savdo yuklarining asosiy qismi temir yo‘lda tashilayotgani sababli, ushbu tizim orqali eksport hajmlari yanada oshishi kutilmoqda.

“Eksport uch qadamda” tizimi avval 2024-yil 25-martdan avtotransport, 10-fevraldan aviatransportda joriy etilgan edi.
Toshkentdan Xitoyning Lanchjou shahriga ilk konteyner poyezdi jo‘natildi