2026 yil yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili bo‘ladi - prezident

Shu maqsadda Kasbiy ta’lim agentligi tashkil qilinmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 15 sen – Sputnik. O‘zbekistonda 2026-yil yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili bo‘ladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida soha xodimlari bilan o‘tkazgan muloqoti davomida ma’lum qildi.
“Biz yoshlarimizni nafaqat zamon bilan hamnafas, balki kelajakka tayyor qilib tarbiyalashimiz kerak. Hech qachon unutmaylik, kelajak – zamonaviy bilimlar bilan qurollangan yangi kasb egalariniki bo‘ladi”, - dedi davlat rahbari.
Ma’lum qilinishicha, iqtisodiyotga yiliga 30-35 milliard dollar investitsiya, yangi yo‘nalishlar, zamonaviy texnologiyalar kirib kelyapti, minglab korxonalar ishga tushapti. Shuning o‘zidan yiliga 250-300 ming atrofida yuqori daromadli ish o‘rinlari paydo bo‘lyapti.
Bu joylar, eng avvalo, yoshlar ishli bo‘lishi uchun qo‘shimcha imkoniyat. Lekin ular zamonaviy texnologiya va xorijiy tillarni bilishi, kasbiy ko‘nikma va malakaga ega bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.
2026 yil yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili bo‘lishi qayd etildi.
Shu maqsadda Kasbiy ta’lim agentligi tashkil qilinmoqda. Ushbu agentlik va hokimlarning asosiy vazifasi barcha 598 ta texnikumga yangi muhit olib kirish va xalqaro standartlarni joriy qilishdan iborat bo‘ladi.
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligining asosiy vazifalari belgilandi