TOShKENT, 14 sen – Sputnik. Axsikent arxeologiya parki tarkibidagi “Yangi Axsi” majmuasi topilmalar fondi 68 ta yangi tanga hamda 27 ta kitob bilan boyidi. Bu haqda Namangan viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, topilmalar orasida VIII asrga oid Abbosiylar hukmronligi davridagi kumush tangalar hamda arab yozuvida bitilgan noyob qo‘lozma mavjud. Qo‘lozmada handasa, riyoziyot, ilmi nujum va tibbiyotga oid ma’lumotlar o‘rin olgan.
Shuningdek, fondga Somoniy va Qoraxoniylar davri hamda 1667—1670-yillarda Shvetsiya, 1836-yilda Buyuk Britaniyada zarb etilgan tangalar ham qo‘shildi.
Ayni paytda Axsikent kompleks ekspeditsiyasi Umarshayx Mirzoning rezidensiyasi bo‘lgan Yakqayigit bog‘ida qazish ishlarini davom ettirmoqda.