Toshkent viloyatidagi barcha IESlar 2026-yil sentabrgacha filtrlar bilan jihozlanadi

IES chiqindi gazlarni tozalashningsamaradorlik darajasi 95-99 foizgacha oshiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 13 sen — Sputnik. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida IES va Issiqlik markazlarini chang-gaz tozalash uskunalari (filtr) bilan jihozlash muddatlari 2026-yil sentabrga qadar qisqartiriladi. Bu haqda ekologiya vazirligi xabar qilmoqda.
Natijada IESlarda chang-gaz tozalash samaradorlik darajasi 95-99 foizgacha oshiriladi, deyiladi xabarda.
O‘rganishlarga ko‘ra, Toshkent shahri va viloyatida jami 1233 ta sanoat korxonalari faoliyat ko‘rsatib, 5 mln 30 ming tonna ko‘mir va 262 ming tonna mazut yoqilg‘isidan foydalaniladi. Ularning 838 tasiga filtrlar o‘rnatilgan.

Lekin 9 ta issiqlik markazi hamda 1 ta IES (Toshkent IES)da filtrlar mavjud bo‘lmasada, havoning keskin sovishi natijasida 262 ming tonna mazut yoqilgan. Natijada atmosferaga tashlanma miqdori 7 ming tonnani tashkil qilgan.
Shuningdek, Toshkent viloyatidagi Angren va Yangi Angren IESlar 5 mln tonna ko‘mirdan foydalanishi va 70 foizli filtrlardan o‘tkazilishi natijasida atmosferaga tashlanma miqdori 134 835 tonnani tashkil qilib, umumiy ko‘rsatkichning 18,9 foiziga to‘g‘ri kelgan.
Ekologiya vazirligi xabariga ko‘ra, ko‘mir yoki mazutdan foydalanish atmosferaga katta zarar keltiradi. Masalan, 1 tonna ko‘mirdan atmoferaga 1-5 kg chang (PM2,5, PM/10) 100-300 kg kul, 5 kg azot oksidi, 30 kg oltingugurt oksidi va boshqa ifloslantiruvchi moddalar ajralib chiqadi.
Mazut esa “qoldiq chiqindi” ma’nosini anglatib, neftni qayta ishlash jarayonida olinadigan eng oxirgi fraksiyasi hisoblanadi. Undan foydalanish bugungi kunning ekologik talablariga mos kelmaydi.