TOShKENT, 12 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida farmonni imzoladi.
"Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda islohotlar samaradorligini oshirish, o‘quv jarayoniga ilg‘or tajribalar, innovatsion pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish borasidagi munosib hissasi, o‘quvchi yoshlarga zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni o‘rgatish, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, farzandlarimizni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi katta xizmatlari, ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki, shuningdek, yurtimizda ta’limga oid investitsiya loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirib kelayotgani uchun", - deyiladi farmon matnida.
Farmonga muvofiq, bir guruh O‘zbekiston va chet el fuqarolari mukofotlandi, jumladan:
"O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi" faxriy unvoni bilan -1 kishi;
"O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi" faxriy unvoni bilan -2 kishi;
"Mehnat shuhrati" ordeni bilan -5 kishi;
I darajali "Sog‘lom avlod uchun" ordeni bilan - 1 kishi;
II darajali "Sog‘lom avlod uchun" ordeni bilan - 10 kishi;
"Do‘stlik" ordeni bilan - 22 kishi;
"Sog‘lom turmush" medali bilan - 9 kishi;
"Shuhrat" medali bilan - 53 kishi.
Mukofotlanganlarning to‘liq ro‘yxati quyida.