Glinka tanlovi g‘oliblari O‘zbekistonda konsert berishdi

Tanlovda ilk bor o‘zbekistonlik xonanda g‘olib bo‘lgan.
Sputnik
TOShKENT, 12 sen – Sputnik. M.I. Glinka nomidagi XXVII xalqaro vokalistlar tanlovi g‘oliblari Alisher Navoiy nomidagi davlat katta akademik teatrida (DAKT) konsert uyushtirishdi.
Ta’kidlash joizki, mazkur tanlov dunyodagi eng nufuzli tanlovlar sirasiga kiradi. 30-yil davomida unda juda ko‘p afsonaviy opera yulduzlari g‘olib bo‘lishgan. Joriy yildagi bellashuvlarda esa O‘zbekistonlik yosh tenor Otabek Nazirovning qo‘li baland kelgan edi.
Glinka tanlovi
Tanlovdagi g‘alabasidan so‘ng Otabek Nazirovga Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning yanvar oyida “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni berilgan.
Tanlov g‘oliblari karvoni bundan avval Rossiyaning deyarli barcha madaniy markazlariga konsert safarlarini uyushtirib, bu gal O‘zbekistonga ham tashrif buyurishdi.
“Bu tanlov ulug‘ nomlar va ulug‘ asarlar bilan bog‘liq. Bolaligimdan rus klassikasiga mehrim bo‘lakcha edi. Buni qarangki, taqdir taqozosi bilan ayni tanlov g‘oliblari bu kabi buyuk asarlarni vatanimizga olib kelishdi. Ular bilan nafaqat safdosh, balki buyuk kompozitorning nomini o‘zida olib yurgan tanlov laureati sifatida bugun sahnada bo‘lganimdan bag‘oyat mamnunman”, – deydi Otabek Nazirov.
Konsert davomida nafaqat Glinka, balki Chaykovskiy hamda Musorgskiy asarlariga ham murojaat qilindi. “Maftunkor kuylash” (Belcanto) davriga mansub Donisetti hamda verizim yo‘nalishining mohir ustasi Puchchini qalamiga mansub murakkab asarlar ham ijro etildi.
Konsert yakunida esa xonandalar o‘zbek opera ixlosmandlariga o‘zgacha sovg‘a hozirlashdi. Ular o‘zbek kompozitori Anor Nazarov repertuaridan “Vatan azizdir” taronasini ijro etishdi.
Toshkentda “Kino” guruhining konserti qanday o‘tdi - video