TOShKENT, 11 sen — Sputnik. O‘zbekiston Transport vazirligi huzuridagi "O‘zaeronavigatsiya" markazi vakillaridan iborat delegatsiyasi Yevroosiyo mintaqasi aeronavigatsiya xizmatlari provayderlarining rahbarlari yig‘ilishida ishtirok etdi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qozog‘istonning Olmaota shahrida CANSO Eurasia doirasida tashkil etilgan mazkur yig‘ilishda tomonlar mintaqada parvozlar xavfsizligi va samaradorligini oshirishga qaratilgan ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama etishdi.
Shuningdek, aeronavigatsiya sohasida innovatsion yechimlarni joriy etish va barqaror rivojlanish tamoyillariga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, "O‘zaeronavigatsiya" markazi global Green ATM tashabbusi doirasida 1-darajali akkreditatsiya sertifikatiga sazovor bo‘ldi. Shuni alohida ta’kidlash joiz, dunyoda Green ATM akkreditatsiyasiga ega bo‘lgan davlatlar soni atigi 12 ta bo‘lib, "O‘zaeronavigatsiya" markazi ham endilikda ular qatorida o‘rin oldi.