Nukusdagi o‘quv mashg‘ulotida yuz bergan hodisa yuzasidan rasmiy bayonot berildi

Milliy gvardiyaning Nukus shahrida o‘tkazgan amaliy o‘quv mashg‘uloti paytida kichik portlash yuz berdi. Oqibatda 10 nafarga yaqin harbiy xizmatchi jarohat olgan.
Sputnik
TOShKENT, 11 sen – Sputnik. O‘zbekiston Milliy gvardiyasi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 10-sentabr kuni Nukus dala o‘quv maydonida Milliy gvardiya shaxsiy tarkibi ishtirokida amaliy mashg‘ulot o‘tkazilgan.
Jarayon davomida o‘quv mashg‘uloti uchun mo‘ljallangan portlovchi maxsus vositaning detonatsiya shnuri chaqnashi natijasida kichik portlash sodir bo‘lgan.

“Natijada 10 nafarga yaqin harbiy xizmatchi turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Ularning barchasiga o‘z vaqtida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan va hozirda sog‘lig‘i tiklanmoqda”, – deyiladi bayonotda.

Hodisa yuzasidan xizmat surishtiruvi tayinlangan, mutasaddi rahbarlar tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.