Qozog‘iston parlamenti bir palatali bo‘lishi mumkin

Toqayev so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda parlament islohoti mavzusi kamida yigirma yil davomida ochiq va yopiq muhokama qilingan, buning hech qanday siri yo‘q.
Sputnik
TOShKENT, 8 sen – Sputnik. Bugun Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Parlament palatalarining qo‘shma majlisida Qozog‘iston xalqiga yillik Murojaatnoma bilan chiqdi. O‘z murojaatida u Qozog‘iston parlamentini bir palatali qilishni taklif qildi.
Oliy vakillik hokimiyatidagi bu islohot, Toqayevning ta’kidlashicha, avvalgi barcha o‘zgarishlar, jumladan, prezidentlik hokimiyati islohotining mantiqiy davomi bo‘ladi.

"Biz Adolatli Qozog‘istonni barpo etish, eshituvchi davlat ruhida hokimiyat va fuqarolar o‘rtasida ochiq, halol muloqot o‘rnatish yo‘lini tutdik", — dedi Qozog‘iston yetakchisi.

Shu bilan birga, Toqayev ushbu masala yuzasidan muhokamalarga kamida bir yil vaqt kerakligini ta’kidladi. Undan so‘ng 2027-yilda umummilliy referendum o‘tkazilishi va zarur konstitutsiyaviy o‘zgarishlar kiritilishi mumkin. Qozog‘iston rahbarining qayd etishicha, agar bir palatali parlament tuzishga kelishilsa, uni faqat partiya ro‘yxatlari orqali saylash maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Ma’lumot uchun: bir palatali parlament asosan kichik va unitar mamlakatlarga xos. Ikki palatali parlament esa yirik va federativ davlatlarda ko‘p uchraydi, chunki u mintaqalar manfaatlarini hisobga olish va muvozanatning qo‘shimcha mexanizmlarini yaratish imkonini beradi.
Parlament delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Qozog‘istonga boradi