TOShKENT, 7-sen – Sputnik. Toshkent shahar hokimligi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tashabbusi bilan bir qator bozorlarda tashkil etilgan arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarida kuzatuv kameralarini o‘rnatish ishlari boshlandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, ayni chora-tadbirlarga so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim rastalarda e’lon qilingan narxlar bilan amaldagi narxlarning farq qilayotgani haqida xabarlar tarqalib, holat yuzasidan jamoatchilikning norozilik bildirgani asosiy sabab bo‘lgan.
"Mazkur vaziyatni inobatga olgan holda arzonlashtirilgan yarmarkalarda shaffoflikni kuchaytirish, narxlarni qat’iy nazorat qilish va ularning sun’iy oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qo‘shimcha choralar ko‘rilmoqda", - deyiladi hokimlikning bayonotida.
Xususan, Mirobod dehqon bozori hamda Eski Juva (Chorsu) bozorida kuzatuv kameralari o‘rnatish ishlari yakunlangan. Yaqin kunlarda poytaxtning barcha yirik bozorlaridagi arzonlashtirilgan yarmarkalarda ham kuzatuv tizimlari ishga tushirilishi rejalashtirilgan.