TOShKENT, 7 sen – Sputnik. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukraina va Rossiyaga xavfsizlik kafolatlarini bir xilda taqdim etish zarurligini ta’kidladi. Bu haqda u Sharqiy iqtisodiy forum doirasida RIA Novostiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi savolga javob berar ekan, Kreml vakili pozitsiyani aniq belgilab berdi – bunday kafolatlar ham Ukrainaga, ham Rossiya Federatsiyasiga berilishi kerak. Rossiya prezidenti matbuot kotibining ta’kidlashicha, mojaroning asosiy sabablaridan biri Rossiya uchun xavfsizlik kafolatlari asoslarining buzilgani bo‘lgan.
"Axir bu ziddiyatning asl sabablaridan biri nimada edi? Mamlakatimiz xavfsizligi kafolatlarining asoslariga putur yetib, Ukrainaning NATO tomon ildamlashi kabi urinishlarning boshlanishiyu, NATO harbiy infratuzilmasi chegaralarimiz tomon siljiy boshlashida edi", – deya qayd etadi u.
Shu nuqtayi nazardan, Kreml vakili ta’kidlaganidek, tartibga solish jarayonida har ikki tomonga xavfsizlik kafolatlari taqdim etilishi kerak.
Ta’kidlash joizki, Rossiya prezidenti Vladimir Putin avval ham bir necha bor Rossiya Ukrainaning neytral davlat bo‘lib qolishi tarafdori ekanini bildirgan. Qayd etilishicha, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish xavfi maxsus harbiy operatsiya boshlanishining asosiy sabablaridan biriga aylangan. Rossiya Federatsiyasida maxsus harbiy operatsiyani mantiqiy yakuniga yetkazish va mojaroning asl sabablarini bartaraf etish uchun barcha zarur resurslar mavjudligi ham yana bir bor tilga olindi.