TOShKENT, 7 sen – Sputnik. Toshkent-O‘sh avtomobil yo‘lining Toshkent viloyati Angren shahridan o‘tuvchi qismida bir necha avtomashina ishtirokida yirik yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.
Ichki ishlar vazirligining xabar berishicha, soat taxminan 12.20 larda yo‘lning 93 km da fuqaro boshqaruvidagi sement tashuvchi “Shacman” mashinasi boshqaruvni yo‘qotib, harakat yo‘nalishidagi temir yo‘l kesishmasida to‘xtab turgan ikkita yuk avtomashinasi hamda beshta yengil avtotransport vositalari bilan to‘qnashib, yo‘l transport hodisasini sodir etgan.
Natijada yong‘in kelib chiqqan. Voqea joyiga yetib kelgan maxsus kuch va vositalar yordamida u tezkorlik bilan o‘chirilgan.
Natijada yong‘in kelib chiqqan. Voqea joyiga yetib kelgan maxsus kuch va vositalar yordamida u tezkorlik bilan o‘chirilgan.
Aniqlik kiritilishicha, hodisa oqibatida 7 nafar fuqaro voqea joyida vafot etgan, 5 nafar turli tan jarohatlari olgan fuqaro tibbiyot muassasalariga yotqizilgan, shuningdek, 4 nafar fuqaroga tibbiy yordam ko‘rsatilib, uylariga javob berilgan.
Vaziyatni to‘liq o‘rganish, jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga yordam ko‘rsatish hamda og‘ir oqibatlarga olib kelgan shart-sharoitlarga huquqiy baho berish maqsadida tegishli davlat organlarining mutaxassislaridan iborat bosh vazir o‘rinbosari Achilboy Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzilgan.
Voqea tafsilotlari o‘rganilmoqda.