Onlayn ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari soni oshadi

Kelgusi uch yilda davlat xizmatlari 900 taga yetkaziladi.
Sputnik
TOShKENT, 6 sen — Sputnik. Aholiga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlar soni oshadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev huzurida bo‘lib o‘tgan taqdimotda ma’lum bo‘ldi.

Kelgusi uch yilda davlat xizmatlari soni 900 taga yetkaziladi. Yiliga 80 ta xizmat “3 qadam” tamoyili asosida soddalashtiriladi. Aholi gavjum joylar va olis mahallalarda 1 ming 100 ta interaktiv kiosk o‘rnatiladi, - deyiladi majlis bayonotida.

Adliya sohasida kutilayotgan boshqa o‘zgarishlar:
FHDYo organida nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rik natijalari, mudofaa bo‘limlarida harbiy xizmatga majburlarning turar joyi o‘zgarganligi haqidagi hujjat so‘ralmaydi, bu ma’lumotlar axborot tizimlari orqali onlayn olinadi.
2025-2027 yillarda bosqichma-bosqich 20 ta notarial harakat onlayn rasmiylashtirishga o‘tkaziladi.
Notarial idoralarda shaxsni tasdiqlovchi hujjat o‘rniga “FACE-ID” orqali aniqlash yo‘lga qo‘yiladi.
Surishtiruv, tergov va ekspertiza oraganlari orasida hujjatlar almashinuvi to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi.
Avtohalokat joyini 3D modellashtirish kabi yangi xizmatlar tatbiq etiladi.
Undan tashqari, odamlarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida, aholi va tadbirkorlarga yangi hujjatlar haqidagi ma’lumotlarni manzilli, elektron tizimlar orqali yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi. Qonunchilikni mutaxassislar ishtirokida sodda tilda sharhlab boruvchi “Adliya TV” internet sahifasi ishga tushiriladi.