DXXga ishga kiritishni va’da qilgan firibgarlar qo‘lga olindi

Ikki nafar shaxs odamlarni Davlat xavfsizlik xizmatiga (DXX) ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilib, pul olgan paytda qo‘lga olindi. Hozirda ularga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 5 sen – Sputnik. Ikki nafar shaxs odamlarni davlat organlariga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilib, pul olgan paytda ushlandi. Bu haqda O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘lga olingan shaxslardan biri Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida yashovchi, 1988 y.t., muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs. U o‘zini DXX xodimi deya tanishtirib, mahalliy fuqaroni davlat xavfsizlik organlariga ishga kiritib qo‘yishni va’da qiladi. Fuqaroni turli bahonalar bilan aldab, jami 30 ming dollar va 510 mln so‘mini oladi.
Bundan tashqari, mazkur fuqaroning qarindoshini Qurolli Kuchlar akademiyasiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 10 ming dollar talab qilib, hozirga qadar 4 ming dollar oladi.

DXX xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan 10 ming AQSh dollari hisobidan yana 2 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) va 28,211-moddasi 2-qismi “a” bandi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Shuningdek, Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida istiqomat qiluvchi, 1961 y.t. shaxs o‘zganing ishonchiga kirib, uni DXX idoralariga ishga kiritib qo‘yish evaziga 7 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Angrenda IIB tergovchisi pora bilan qo‘lga tushdi