Toshkentda haykaltarosh va pedagog Gulsara Rajapova hamda uning turmush o‘rtog‘i, rassom Avazxon Rajapov asos solgan "Sanvikt" markazining xayriya tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda diplomatik vakolatxonalar, xalqaro tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari va biznes vakillari, mehmonlar hamda "Sanvikt" o‘quvchilari va bitiruvchilari ishtirok etishdi.
Mehmonlarga markazning yangi ish konsepsiyasi taqdim etildi, uning 26-yillik faoliyati davomida bosib o‘tgan yo‘li va tarbiyalanuvchilarining erishgan yutuqlari haqida so‘zlab berildi. Shu vaqt mobaynida markazda butun respublikadan 300 nafardan ortiq nogiron va yetim bolalar hamda kam ta’minlangan oilalarning farzandlari ta’lim oldi. Ularning ijod namunalari O‘zbekiston, Rossiya, Hindiston, Turkiya va boshqa mamlakatlarda namoyish etildi, ular turli respublika va xalqaro tanlovlarda ishtirok etib, nufuzli o‘rinlarni qo‘lga kiritdilar.
“Ularning ko‘pchiligi oliy o‘quv yurtlariga kirdi, o‘z biznesini boshladi, akademik va mashhur rassomlar bo‘ldi”, — deydi faxr bilan Gulsara Rajapova.
U har doim tarbiyalanuvchilarining yutuqlaridan quvonadi va har biri haqida juda iliq va yorqin hikoyalarni so‘zlab beradi. Aksariyati o‘z ustozlarini unutmaydi, oilali va tashvishlar bilan band bo‘lishiga qaramay, ularni ko‘rgani keladi.
Sevimli o‘quvchilardan biri — bolalikdan 2-guruh nogironi (BSF) Andrey Grechkin. Uning ko‘rgazmalari Tasviriy san’at galereyasida, Sergey Yesenin muzeyida, O‘rol Tansiqboyev uy-muzeyida va Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasida o‘tkazilgan. Bugungi kunda u o‘z ustozining ishini davom ettirib, tug‘ilgan shahri Chirchiqda rivojlanishida muayan xususiyatga ega bo‘lgan bolalarga tasviriy san’atni o‘rgatmoqda.
"Sanvikt" dastlab nogiron bolalarning ijodiy qobiliyatlarini ochish va jamiyatga san’at har bir inson uchun ochiqligi va kerakligini ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan. Markazda rassomlik, haykaltaroshlik, kulolchilik, gilamdo‘zlik, qo‘g‘irchoq yasash, kiyim dizayni, batik, munchoqdan buyumlar yasash va somondan rasmlar yaratish kabi yo‘nalishlar mavjud.
Endi markaz o‘zgarishlar arafasida turibdi va Rajapovlar ishini kenja o‘g‘il Javohir hamda uning ijodkor jamoasi davom ettiradi.
Tadbirda u bu yerda ijodkor insonlar uchun inklyuziv kovorking markazi tashkil etilishini, unda rivojlanishida muayan xususiyatlarga ega bo‘lgan bolalar uchun bepul ta’lim dasturlarini ham bo‘lishini aytdi.
“Markazni qandaydir meros sifatida saqlab qolishni istardim, chunki unga juda ko‘p kuch sarflangan. Ammo, uni san’atning barcha yo‘nalishlari vakillariga yordam beradigan zamonaviy art-kovorking markaziga aylantirish niyatidamiz. Shuningdek, 3D-dizayn, virtual va kengaytirilgan voqelik (VR/AR), art-terapiya, abstrakt va konseptual san’at, musiqa ishlab chiqarish, foto va video suratga olish kabi zamonaviy ijodiy yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda”, — dedi Javohir Rajabov.
"Sanvikt" markazi haqida batafsil Sputnik videosida tomosha qiling.