TOShKENT, 2 sen – Sputnik. Qobuljon Ahmedov O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi direktori lavozimiga tayinlandi. Prezident administratsiyasining tegishli farmoyishi qabul qilindi, deya xabar berdi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Qobuljon Ahmedov bungacha "MY5" telekanalining bosh direktori bo‘lgan, tayinlovga qadar MTRKning "Yoshlar" ijodiy birlashmasi direktori lavozimini egallab kelgan.
Shuningdek, Husan Salixov va Jahongir Abdurahmonov Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi direktori o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Husan Salixov – taniqli rejissor, tayinlovga qadar prezident matbuot xizmatining Media markaziga rahbarlik qilgan. Jahongir Abdurahmonov tayinlovga qadar prezident matbuot xizmatida bosh konsultant lavozimini egallab kelgan, bundan avval "UZREPORT" telekanalida bosh muharrir bo‘lgan.
Eslatamiz, avvalroq Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyati tugatilib, Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tashkil etilgan edi.