TOShKENT, 31 avg – Sputnik. O‘zbekiston qonunchiligida 2025-yil 1-sentabrdan qator o‘zgarish va yangiliklar kuchga kiradi.
Ayrim tadbirkorlar ixtiyoriy tugatilganida soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi
Quyidagi mezonlarga bir vaqtning o‘zida javob beruvchi kichik va o‘rta biznes subyektlari faoliyatini ixtiyoriy ravishda tugatishda soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi:
oxirgi 3-yilda tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan jami daromadi 10 mlrd so‘mdan oshmagan;
budjet va kreditorlar oldida qarzdorligi mavjud bo‘lmagan hamda muntazam soliq hisobotlarini taqdim etayotgan;
"Xavfni tahlil qilish" elektron tizimida huquqbuzarlik sodir etish xavfi past darajada tasniflangan.
Qimmatbaxo toshlarga oid huquqbuzarlik haqida xabar berganlar rag‘batlantiriladi
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risidagi qonunchilikka oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida "Soliq" mobil ilovasi orqali xabar bergan shaxslarga undirilgan jarima miqdorining 50 foizi miqdorida mukofot to‘lanadi.
Davlat xizmatchisi ilovasi ishga tushiriladi
Davlat xizmatchilarining o‘z ko‘nikmalarini doimiy rivojlantirib borishi hamda ular o‘rtasida o‘zaro muloqotni kuchaytirish bo‘yicha “Davlat xizmatchisi” mobil ilovasi ishga tushiriladi.
Ilova orqali davlat xizmatchilari tomonidan davlat organi ish faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tashabbuslar berilishi hamda rahbar tomonidan ularga munosabat bildirilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Farmatsevtika faoliyati uchun litsenziya berishda qo‘shimcha shartlar joriy etiladi
Farmatsevtika faoliyati hamda dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyati bo‘yicha yangidan tashkil etilgan subyektlarga litsenziya berishda quyidagi qo‘shimcha shartlar kiritiladi:
faoliyatini amalga oshirish uchun ko‘chmas mulk bo‘yicha ijara yoki tekin foydalanish shartnomasi soliq organlarida hisobga qo‘yilganligi;
dori vositalarini realizatsiya qilishda xaridorlardan to‘lovlarni qabul qilish bo‘yicha elektron to‘lov vositalaridan foydalanish imkoniyati yaratilganligi.
Ish beruvchilar uchun belgilangan ayrim talablar bekor qilinadi
Ish beruvchilar uchun belgilangan quyidagi talablar bekor qilinadi:
bo‘sh ish o‘rinlariga bandlik organlari tomonidan yuboriladigan shaxslarni ishga qabul qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik;
bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi hisobotlarni majburiy taqdim etish.
Maktablarning uzaytirilgan kun guruhlariga qatnaydigan ayrim bolalar to‘lovdan ozod qilinadi
Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining uzaytirilgan kun guruhlariga qatnaydigan bolalar umumiy sonining 15 foizi miqdorida kambag‘al oilalar farzandlari uchun alohida kvota ajratiladi va ular ota-onalar to‘lovidan ozod etiladi.
Soddalashtirilgan tartibda ish yuritishda da’vo bahosi oshiriladi
Da’vo arizasi bo‘yicha ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqish uchun da’voning maksimal bahosi quyidagi miqdorlarda oshiriladi:
yuridik shaxslar uchun BHMning 150 baravarigacha;
YaTTlar uchun BHMning 100 baravarigacha,
jismoniy shaxslar uchun BHMning 50 baravarigacha.
Ayrim hududlarda “Radar” belgisi majburiy o‘rnatiladi
Harakat tezligini nazorat qilishga mo‘ljallangan har qanday turdagi statsionar va mobil radarlar joylashgan hududda va ungacha kamida 250 metrdan kam hamda 500 metrdan ko‘p bo‘lmagan hududda “Radar” yo‘l belgisining o‘rnatilishi majburiy hisoblanadi.
Maktab va bog‘cha direktorlarining maoshi oshadi
Bazaviy tarif stavkalari quyidagicha oshiriladi:
maktab direktorlari – 20 foizga;
direktor o‘rinbosarlari – 15 foizga;
I va II guruhga kiruvchi MTT direktorlari stavkalari III va IV guruhdagi maktab direktori o‘rinbosarlari stavkalariga tenglashtiriladi.
PPX yuridik shaxslarga pulli xizmat ko‘rsatadi
Yuridik shaxslar savdo markazlari, to‘yxonalar va boshqa yirik joylar xavfsizlik uchun patrul-post xizmati xodimlarini shartnoma asosida jalb qilishi mumkin bo‘ladi.
Murojaatlar YaIDXP yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilinadi, arizalar 10 ish kunida ko‘rib chiqiladi. Narxlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Qurilish obyeklarining QR-kodli pasporti joriy etiladi
Bu bilan shaharsozlik subektlari, qurilish muddatlari, shaharsozlik hujjatlari va tasdiqlangan ekspertiza xulosalari haqidagi ma’lumotlarni olish imkoniyati yaratiladi.
Milliy turizm yagona platformasi ishga tushirilmoqda
U quyidagilarni amalga oshirish imkonini beradi:
mehmonxonalar, ekskursiyalar va transportni band qilish;
chiptalarni xarid qilish (avia, temir yo‘l, avtobus);
milliy va xalqaro to‘lov tizimlari orqali xizmatlar uchun to‘lovni amalga oshirish va boshqalar