AQSh va G‘arb Putinga ikkiyuzlamachilik qilmoqda - Turkiya OAVi

G‘azo va Kiyevdagi hujumlarga bo‘lgan munosabat G‘arbning ikkiyuzlamachiligini yaqqol ko‘rsatdi - jurnalist.
Sputnik
TOShKENT, 30 avg – Sputnik. AQSh va G‘arb davlatlari Rossiya prezidenti Vladimir Putinga nisbatan ochiqdan-ochiq ikkiyuzlamachilik qilishda davom emoqda, deb yozadi Turkiyaning Sabah gazetasi.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Xakan Fidan avvalroq G‘arbning Ukraina va G‘azoga mutlaq ikki xil pozitsiyasini “riyokorlikning cho‘qqisi” deb atagan edi.
"Yevropa va amerikalik siyosatchilar Rossiya yetakchisi Vladimir Putin Ukrainadagi urushda tinch aholiga zarba bermaganini juda yaxshi bilishadi. Shunga qaramay, ular unga nisbatan keskin siyosiy tanqid uyushtirishdi. Lekin ko‘p sonli tinch aholining o‘limiga sabab bo‘lgan Netanyaxuga hamon "urush qahramoni"dek munosabatda bo‘lishmoqda. Va ular bundan zarracha uyalmayaptilar", - deb yozadi Berjan Tutar.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Netanyaxu jinoyatlarini aniq qoralay olmagan o‘sha g‘arb siyosatchilari Rossiya harbiylarining Kiyevga zarbalaridan so‘ng bir ovozdan Putinga hujum qilishdi”.
"Hech bir mantiq bu axloqsiz ikkiyoqlama standartlarni va G‘azo borasida sukut saqlagan, lekin Kiyevda jar solgan G‘arbning qo‘pol ikkiyuzlamachiligini oqlay olmaydi. Tarix va insoniyat bu sharmandalikni unutmaydi", - deya ta’kidlaydi maqola muallifi.
G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyat

Isroil BMTning G‘azoga insonparvar yordamini to‘sib qo‘yganidan so‘ng, G‘azoda vaziyat keskin yomonlashdi. Bir necha yuzlab yordam tarqatish punktlari to‘rttaga almashtirildi, ular Amerikaning xususiy jamg‘armasi GHF (G‘azo gumanitar jamg‘armasi) tomonidan Isroil hukumati ko‘magida XAMASdan xoli bo‘lgan hududlarda ochildi. Yordam tarqatish muntazam ravishda Isroil harbiylarining falastinliklarga qarata o‘q otishlari ostida sodir bo‘lmoqda.