TOShKENT, 29 avg – Sputnik. “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ Toshkent–Oltinko‘l (Qozog‘iston) yo‘nalishida o‘z vagonlaridan tashkil topgan birinchi konteyner blok poyezdini muvaffaqiyatli jo‘natdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
57 ta fiting platformadan iborat tarkibda yig‘ma yuklar tashilmoqda. Poyezd 1300 km masofani ikki kunda bosib o‘tishi rejalashtirilgan. Avval bu yo‘nalishda asosan Qozog‘iston vagonlari ishlatilgan edi.
Bu yangilik O‘zbekiston prezidentining multimodal transport xizmatlarini keng joriy etish hamda milliy 3PL operatorlar ulushini oshirishga doir tashabbusi doirasida amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ va Qozog‘istonning “Kedentransservis” AJ kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlik asosida ushbu vagonlar Oltinko‘l–Toshkent yo‘nalishida ortga qo‘shimcha yuk bilan qaytarilishi rejalashtirilgan.
Kompaniya kelgusida vagon parkini kengaytirib, eksport-import maqsadlarida transport xarajatlarini qisqartirish ustida ishlashini ma’lum qildi.