TOShKENT, 29 avg — Sputnik. Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida zamonaviy to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi faoliyat boshladi. U mahsulotlarini Rossiyaga eksport qiladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.
Shri-Lanka bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Innovative Apparel” MChJ korxonaga 15 mln dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoya yo‘naltirilgan.
Ta’kidlanishicha, korxona faoliyati natijasida bugun 500 nafardan ortiq ayollar ish bilan ta’minlangan, yirik bosqichlar yakunlangach bu ko‘rsatkich 3 500 nafar yangi xodimlarga yetkaziladi.
"Ishlab chiqariladigan mahsulot esa Eron, BAA, Tailand, Pokiston, Qirg‘iziston va Rossiyaga eksport qilinadi", - deyilgan xabarda.
Aniqlik kiritilishicha, dunyoda katta bozorga ega “H&M” savdo belgisi brendiga ega bo‘lgan savdo korxonalari bilan shartnomalar tuzilgan. 30 mln dollar eksportni amalga oshirish belgilab olingan.
Bundan tashqari, korxona rahbariyatining ma’lum qilishicha, mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlarini ochish bilan birga ularni o‘qitish tizimlarini ham yo‘lga qo‘yish, keyingi bosqichlarda korxona hududida ishchilar uchun ta’lim markazlari, tibbiyot punktlari tashkil etish bo‘yicha ham aniq rejalar qilingan.