TOShKENT, 29 avg – Sputnik. Belarus Respublika kengashi raisi Natalya Kochanova Vitebsk shahrida 2-3 sentabr kunlari III Belarus–O‘zbekiston ayollar biznes-forumi o‘tkazilishini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda BelTA.
Forum mavzusi — “Belarus–O‘zbekiston: hamkorlik barqaror rivojlanish omili sifatida”. Tadbir dasturiga ko‘ra, 2-sentabr kuni yengil sanoat, mashinasozlik, turizm, agrosanoat majmuasi, yoshlar hamkorligi va hududiy rivojlanish bo‘yicha yettita sho‘badan iborat muhokamalar o‘tkaziladi. Qo‘shimcha qilinishicha, aynan shu kuni Belarus –O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 3-sentabr kuni forumning yalpi majlisi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Forum doirasida ikki davlat o‘rtasida qator shartnomalar va hamkorlik bitimlari imzolanishi kutilmoqda.
Tadbir davomida Belarus va O‘zbekiston hududlarining xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi ham tashkil etiladi. Unda forum tashkilotchilari sifatida Belarus Respublikasi kengashi va O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati ishtirok etadi.