Prezident Yaponiya tashqi ishlar vazirini qabul qildi

Uchrashuvda strategik sheriklik munosabatlar, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, shuningdek, qo‘shma universitet tashkil etish va "Markaziy Osiyo + Yaponiya" formatidagi sammit masalalari muhokama qilindi
Sputnik
TOShKENT, 28 avg – Sputnik. Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatda bo‘lib turgan Yaponiya tashqi ishlar vaziri Takesi Ivaya boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Yaponiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar hamkorlikning aniq loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston-Yaponiya markazi faoliyatini kengaytirish va kelgusida uning negizida Yaponiyaning yetakchi universitetlari ishtirokida qo‘shma universitet tashkil etish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, shu jumladan "Markaziy Osiyo + Yaponiya" formatidagi bo‘lajak sammitni o‘tkazish yuzasidan ham fikr almashildi.
O‘zbekiston va Yaponiya TIVlari o‘rtasida Strategik dialog bo‘yicha qo‘shma kommunike imzolandi