TOShKENT, 28 avg – Sputnik. 2025 yil 27-avgust kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshabayev Belarusiyaning “KUVO” kompaniyasi hamda tegishli idora vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida mashinasozlik sohasidagi hamkorlik istiqbollari va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, avtobuslar uchun ko‘p qavatli shisha, panoramali va buriluvchi oynalar, shuningdek, transport vositalari uchun yassi va yuqori haroratda toblangan egri shishalar ishlab chiqarish va yetkazib berish hajmlarini kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldilar. Shu munosabat bilan, lokalizatsiya tashabbuslarini baholash maqsadida texnik va iqtisodiy ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Ma’lumot uchun: “KUVO” – MDHdagi yetakchi ishlab chiqaruvchi korxonalardan biri bo‘lib, turli transport vositalari uchun keng assortimentdagi shisha mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.