TOShKENT, 26 avg — Sputnik. Pekinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida dunyodagi eng yirik elektromobil quvvatlash tarmog‘i qurib bitkazilgani haqida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda "Xinhua".
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy Kommunistik partiyasi Milliy taraqqiyot va islohotlar komissiyasi rahbariyati guruhi a’zosi, shuningdek Milliy energetika ma’muriyati rahbari Van Xongji hisobotida ushbu tarmoq 14-besh yillik reja (2021–2025) doirasida amalga oshirilgani qayd etilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat nafaqat eng yirik quvvatlash infratuzilmasini, balki dunyodagi eng tez rivojlanayotgan qayta tiklanadigan energiya tizimini ham barpo etgan.
Shu bilan birga, elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarida qayta tiklanadigan manbalar ulushi so‘nggi yillarda taxminan 40% dan 60% gacha oshgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston 2024-yilda xorijdan qiymati 224,8 mln dollarga teng bo‘lgan 24 095 ta elektromobil import qilgan. Eng ko‘p elektromobil import qilgan davlatlar reytingida esa Xitoy peshqadam — 23 982 ta.