TOShKENT, 26 avg – Sputnik. Samarqand shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yetakchilar BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida samarali hamkorlik olib borilayotganini mamnuniyat bilan qayd etib, tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni faol davom ettirish zarurligini ta’kidladilar.
Ikki tomonlama savdo ko‘rsatkichlarini karrasiga oshirish, qo‘shma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirishga tayyorlik tasdiqlandi.
Kimyo va to‘qimachilik sanoati, "aqlli" qishloq xo‘jaligi, geologiya, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani kengaytirishga kelishib olindi.
Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashini ishga tushirib, joriy yil yakunigacha ularning ilk yig‘ilishlarini o‘tkazish taklifi bildirildi. Ikki mamlakatning yetakchi kompaniya va ishlab chiqaruvchilari ishtirokida O‘zbekiston–Iordaniya biznes forumining o‘tkazilishi ishbilarmon doiralar o‘rtasida uzoq muddatli sheriklik aloqalarini o‘rnatishga xizmat qiladi.
V Samarkande sostoyalis peregovori prezidenta Uzbekistana Shavkata Mirziyoyeva i korolya Iordanii Abdalli II
© telegram sputnikuzbekistan
/ O‘zbekiston va Iordaniya umumiy ma’naviy merosini birgalikda o‘rganish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat islomshunoslik markazlari va institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoyev Podshoh Abdulla II tomonidan bundan 10-yil oldin boshlangan "Aqaba jarayoni" tashabbusini yuqori baholab, ushbu muhim tashabbusning navbatdagi yig‘ilishlaridan birini Samarqand shahrida o‘tkazishni taklif etdi.
Ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi va vizasiz rejim joriy qilinishi ishbilarmonlik aloqalari va o‘zaro sayyohlar oqimining ko‘payishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida Podshoh Abdulla II ibn al-Husayn davlatimiz rahbarini Iordaniyaga tashrif bilan borishga taklif etdi.
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qildilar.